Osiyo kubogi U-23. O‘zbekiston Yaponiyani mag‘lub etib, finalga yo‘llanma oldi
Osiyo kubogi U-23 ikkinchi yarimfinali doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Yaponiyaga qarshi uchrashuvda maydonga tushdi.
«Bunyodkor» stadionidagi uchrashuvda OFK qaroriga ko‘ra, o‘zbekistonlik muxlislar kiritilmagach, o‘yingoh tashqarisida fan-zona tashkil etilib, 10 mingdan ortiq tomoshabin katta monitor qarshisida 90 daqiqa vakillarimizni qizg‘in qo‘llab-quvvatlab turdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, ikkinchi taymning 60-daqiqasida esa Jasur Jaloliddinov jarima maydoni tashqarisidan super zarba yo‘llab, yaponlar darvozasini ishg‘ol etdi – 1:0.
Goldan ruhlangan vakillarimiz uchrashuvning 89-daqiqasida ikkinchi golni kiritishdi. Husayn Norchayev Suzuki bilan yakkama-yakka holatga chiqib, o‘yin taqdiriga nuqta qo‘ydi – 2:0.