fbpx Betguru » Belgiya – Isroil o‘yini Vengriyada bo‘lib o‘tadi: «Uy uchrashuvini o‘z mamlakatimizda o‘tkaza olmasligimiz achinarli»
Sunday, 22 December 2024
← Go to the news

Belgiya – Isroil o‘yini Vengriyada bo‘lib o‘tadi: «Uy uchrashuvini o‘z mamlakatimizda o‘tkaza olmasligimiz achinarli»

Belgiya futbol assotsiatsiyasi Millatlar ligasi doirasidagi Belgiya – Isroil uchrashuvi Vengriyada o‘tishini e’lon qildi. Bryussel va mamlakatning boshqa shaharlari xavfsizlik nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda Isroil bilan o‘yin o‘z stadionlarida o‘tishiga ruxsat bermagan.

«Belgiyaning birorta ham shahar meriyasi mamlakat bosh jamoasining Isroilga qarshi uchrashuvini o‘z stadionida o‘tkazishni istamadi. Ular xavfsizlik nuqtayi nazaridan buning iloji yo‘q deb hisoblamoqda. Shu bois Belgiya Qirollik futbol assotsiatsiyasi Millatlar ligasi doirasida Isroilga qarshi 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv uchun stadion masalasini mamlakat tashqarisidan izlashga majbur bo‘ldi. UEFA bilan kelishgan holda bu o‘yinni Vengriyaning Debretsen shahridagi «Naderdei» stadionida yopiq eshiklar ostida o‘tkazishga qaror qilindi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Tashkilot xabarida qayd etilishicha, Bryussel meriyasi Belgiya milliy jamoasining Isroil bilan uy uchrashuvini qabul qilmasligi haqida xabar bergach, futbol assotsiatsiyasi bir qator shaharlar meriyasi o‘yinni o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgan. Ammo UEFA talablariga javob beradigan stadioni bor shaharlar meriyasi xavfsizlikni ta’minlay olmasligi vaji bilan Isroil bilan o‘yinni qabul qila olmasliklarini bildirgan.

«Uy uchrashuvimizni o‘z mamlakatimizda o‘tkaza olmasligimiz achinarli. Mezbon mamlakat o‘z uyida o‘ynashi kerak. Birorta shahar mamlakatning bosh jamoasi ishtirokidagi o‘yinni qabul qilmasligidan afsusdamiz. Millatlar ligasi turnirini bunday sharoitda boshlayotganimizdan xafamiz», – deydi Belgiya futbol assotsiatsiyasi bosh direktori Pit Vandendrissxe.

Ma’lumot uchun, Isroilning G‘azoga hujumi natijasida ekslavda halok bo‘lganlar soni 38 ming 794 nafarga yetgan. 89 ming 364 kishi yarador qilingan. 21 mingdan ortiq bolalar bedarak yo‘qolgan hisoblanadi. So‘nggi bir sutka ichida Isroil armiyasi 4 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazib, 81 kishining o‘limi va 198 kishining yaralanishiga sababchi bo‘ldi. Hujumlar natijasida G‘azoda faoliyat ko‘rsatib kelgan 26 ta shifoxonadan 23 tasining faoliyati to‘xtagan.

image