Abbosbek Fayzullayev – ketma-ket ikkinchi marta SSKAda oy laureati bo‘ldi
O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev ketma-ket ikkinchi oy ham SSKAning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi.
Moskvaning SSKA klubi oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uchun nomzodlar ro‘yxatini e’lon qilgan va unga ko‘ra, jamoaning besh nafar o‘yinchisi – Igor Akinfeyev, Milan Gayich, Fyodor Chalov, Ivan Oblyakov va Abbosbek Fayzullayev nomzodi keltirilgan. Moskva klubi matbuot xizmati oy laureatini aniqlash uchun ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnomani yakunladi.
Shu tariqa, Abbosbek Fayzullayev ketma-ket ikkinchi oy SSKAda tengsiz deb topildi. U oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Ikkinchi o‘rinni Milan Gayich, uchlikdan esa Igor Akinfeyev joy oldi.
Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev sentyabr oyida ham jamoasining tengsiz o‘yinchisi deb topilgandi. U so‘nggi ikki turda peshqadam «Krasnodar» bilan bahsda Chalovning yagona goliga assistentlik qilgan bo‘lsa, «Nijniy Novgorod» bilan bahsda (3:2) ikkita assistga mualliflik qilgandi.