«PSJ» Salohni Yevropaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylantirishi mumkin
El Nacional nashrining xabar berishicha, «Pari Sen-Jermen» klubi Kilian Mbappega munosib o‘rinbosar qidirmoqda.
Klubga yaqin manbalar «PSJ» prezidenti Nosir Al-Helayfi «Liverpul» yetakchisi Muhammad Salohni transfer qilish uchun harakat qilayotgani haqida ma’lum qilgan.
Misrlik futbolchiga Parijda yillik 40 million yevro maosh taklif qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu summaga qo‘shimcha bonuslar qo‘shilishi mumkin. Shu tariqa, Saloh Yevropadagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchiga aylanishi mumkin. Uning «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning yozida nihoyasiga yetadi.
Parij klubi Salohning 32 yoshida ham yuqori darajada o‘ynashga bo‘lgan ambitsiyalarini namoyon qilishiga va Saudiya Arabistoni yoki AQSH variantlarini ko‘rib chiqmasligiga umid qilmoqda.
Avvalroq, Saloh mersisaydliklarning kelishuvni uzaytirmayotganidan xafa ekanini yashirmagandi.
Ma’lumot uchun, Saloh joriy mavsumda APLda 12 o‘yinda 10 ta gol va 6 ta assist qayd etgan.