Rasman: Varan futbolchilik faoliyatini yakunladi
Rafael Varan futboldagi faoliyatini yakunladi.
31 yoshli himoyachi professional faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Bunga fransiyalikning so‘nggi paytlarda olgan jarohatlari sabab bo‘ldi.
«Lans», «Real» va «MYU» sobiq futbolchisi yozda «Komo»ga erkin agent sifatida qo‘shilgandi. U yangi jamoasi safida Italiya Kubogi doirasida «Sampdoriya»ga qarshi o‘yinda (1:1, penaltilar bo‘yicha — 3:4) debyut qildi, biroq bahsning 23-daqiqasida sonidan olgan jarohati tufayli almashtirildi.
Varan «Real» tarkibida 3 martadan Ispaniya chempionati, mamlakat Superkubogi va Yevropa Superkubogi sohibi bo‘lgan, 4 bor Chempionlar Ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan, shuningdek, bir marta Ispaniya kubogini qo‘lga kiritgan. «Manchester Yunayted» bilan esa Angliya kubogi va Liga kubogini yutgan.
Himoyachi Fransiya milliy jamoasi tarkibida 2018 yilda jahon chempionati va 2021 yilda Millatlar Ligasida zafar quchgan.