JCH-2026 saralashi. KXDR – Qatar uchrashuvi 57-daqiqada kuchli yomg‘ir sababli to‘xtatildi
O‘zbekiston milliy jamoasi joy olgan A guruhi 2-turi doirasidagi dastlabki uchrashuv KXDR va Qatar o‘yini noqulay ob-havo sharoiti sababli yakuniga yetmadi.
Laosda o‘tayotgan uchrashuv hisob 2:2 bo‘lib turgan 57-daqiqada to‘xtatildi va uchrashuv noma’lum muddatga qoldirilgani ma’lum qilindi.
Uchrashuvda koreyslar hisobni ochgan bo‘lsa, 28-daqiqada maydonda 10 kishi bo‘lib qolgach, Qatar Afifning penaltidan kiritgan goli evaziga hisobni tenglashtirdi. Bo‘lim yakunida esa Ali Almoez qatarliklarni hisobda oldinga olib chiqdi.
10 kishi bo‘lib to‘p surganiga qaramay, tanaffusdan keyin koreyalik futbolchi yana uzoq masofadan qatarliklar darvozasini ishg‘ol etdi – 2:2.
57-daqiqada yomg‘ir sababli maydonda ko‘lmaklar paydo bo‘la boshlagach, OFK komissari uchrashuvni to‘xtatishga qaror qildi. O‘yin qachon davom ettirilishi hozircha noma’lum.