«Fenerbaxche» Mourino jamoa bosh murabbiyiga aylanganini e’lon qildi
Joze Mourino yangi mavsumdan Turkiya Superligasida ish boshlaydi.
«Fenerbaxche» klubi portugaliyalik mutaxassis jamoa bosh murabbiyiga aylanganini rasman e’lon qildi. Istanbul klubi rahbariyati Mourino bilan 2026 yilga qadar mo‘ljallangan 2 yillik shartnoma imzolagan. Klub bugun murabbiyni o‘z stadionida tanishtiradi.
Turkiya Superligasi Mourino uchun faoliyat yuritgan 5-chempionatga aylanadi. U bungacha Portugaliya («Portu», «Benfika»), Angliya («Chelsi», «MYU», «Tottenhem»), Ispaniya («Real») va Italiya («Inter», «Roma») klublarida ishlagandi. Joze yanvar oyida Rim klubidan iste’foga chiqarilgan va hozirgacha ishsiz sanalardi.
Ma’lumot uchun, «Fenerbaxche» yakunlangan mavsum chempionatda 99 ochko jamg‘arib 2-o‘rinni egalladi, 102 ochkoga ega «Galatasaroy» mamlakat chempioni bo‘ldi.