Gela Shekiladze – Tojikiston milliy jamoasi bosh murabbiyi
Tojikiston futbol federatsiyasi mamlakat milliy jamoasining yangi bosh murabbiyini e’lon qildi.
Tojikiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib 53 yoshli gruziyalik mutaxassis Gela Shekiladze tayinlandi. U bungacha Petr Segrtning yordamchisi sifatida milliy jamoada faoliyat olib borgandi.
Qayd etilishicha, Petr Segrt murabbiylar shtabida bo‘lgan barcha mutaxassislar o‘z faoliyatini davom ettiradi. Tamaz Bokeriya yordamchi murabbiy sifatida ishlasa, Alisher To‘ychiyev darvozabonlar murabbiyi, Alifbek Beromov tahlilchi sifatida ishlaydi.
Ma’lumot uchun, Shekiladze futbolchilik faoliyati davomida «Dinamo-Batumi» (Gruziya), «Lers» (Belgiya), «Ruselare» (Belgiya), «Arsenal» (Ukraina) va SSKA (Ukraina) hamda Gruziya milliy jamoasi safida to‘p surgan. 53 yoshli mutaxassis UEFAning«Pro» litsenziyasiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Petr Segrt Tojikiston milliy jamoasi bilan Osiyo kubogida chorakfinalgacha yetib borgach, shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi.