Promes giyohvand moddalar kontrabandasi ishi bo‘yicha 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
«Spartak» klubi va Niderlandiya milliy jamoasi a’zosi Kvinsi Promes narkotik moddalarning savdosi bo‘yicha aybdor deb topildi.
Moskvaning «Spartak» klubi vingeri Niderlandiyada sud qaroriga ko‘ra, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
32 yoshli niderlandiyalik futbolchi 2020 yilda Belgiya portlaridan birida qo‘lga olingan jami 1362 kilogramm kokain kontrabandasiga aloqadorlikda gumonlanayotgan edi. Tergov jarayonida Promesning kokain moddasining kontrabanda yo‘llari orqali tashigan jinoyatchilarga 200 ming yevro bergani aniqlangan. U giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan jinoyatchi Pit Vortelga 200 ming yevro berib, savdolardan keyin 6 million yevro qilib qaytarib olishni rejalashtirgani aniqlangan.
Promesning advokatlari futbolchi tez orada apellyatsiya berishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Promes joriy mavsum Rossiya Premer-ligasida 17 o‘yinda 6ta gol va shuncha assistga mualliflik qilgan. Kvinsining jinoyat ishida gumonlanayotgani ortidan futbolchi 2021 yildan buyon Niderlandiya milliy jamoasiga chaqirilmayapti.