Sergey Rebrov – Ukraina milliy jamoasi bosh murabbiyi
Ukraina milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi ma’lum bo‘ldi.
Ukraina futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Sergey Rebrov milliy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan. Ukrainalik mutaxassis bilan 2026 yilning 30 iyul kuniga qadar shartnoma imzolandi. U bungacha jamoada bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan Ruslan Rotan o‘rnida ish boshladi.
Sergey Rebrov hozirgacha Kiyevning «Dinamo», Saudiya Arabistonining «Al-Ahli», Vengriyaning «Ferensvarosh» va BAAning «Al-Ayn» klublarini boshqargan. U bir necha kun avval amirlik klubini tark etgandi. Murabbiy ikki karra Ukraina chempionligi, uch karra Vengriya va bir marta BAA chempionligini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Ukraina milliy jamoasi 12 iyun kuni Germaniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Yevro-2024 saralashi doirasida esa jamoani Shimoliy Makedoniya (16 iyun) va Malta bilan o‘yin (19 iyun) kutib turibdi.