Abraham dekabrgacha safdan chiqdi. «Roma» Shomurodov emas, «Spetsiya»ning to‘purariga ko‘z tikmoqda
«Roma» hujumchisi Temmi Abraham bugun, 7 iyun kuni tizzasidan jarrohlik operatsiyani o‘tkazdi.
A Seriya so‘nggi turi doirasidagi «Roma»ning «Spetsiya»ga qarshi o‘yinida (2:1) angliyalik hujumchining xochsimon tizza paylari uzilib, maydonni erta tark etgandi. Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, Abraham jarrohlik amaliyotidan keyin dekabr oyigacha maydonga tusha olmaydi.
Mavsum yakunida ijara muddati yakuniga yetib, kelishuvga ko‘ra Eldor Shomurodov «Roma» safiga qaytishi lozim bo‘lsa-da, shunga qaramay Rim klubi rahbariyati Abraham o‘rniga hujumchi izlashga tushgan.
Calciomercato xabariga ko‘ra, «Roma» angliyalik hujumchi o‘rniga «Spetsiya»ning angolalik hujumchisi Mbala Nzolaga taklif bilan chiqmoqchi. 26 yoshli forvard A Seriya joriy mavsumida 31 o‘yinda 13ta gol kiritib, to‘purarlar ro‘yxatidan joy oldi. So‘nggi o‘yinlarda Eldor emas, aynan Nzola «Spetsiya»ning asosiy tarkibdan o‘rin oldi.
Ma’lumot uchun, «Spetsiya» 11 iyun, yakshanba kuni A Seriyada qolish uchun o‘yinda «Verona»ga qarshi maydonga tushadi. Bu bahs Shomurodov uchun spetsiyaliklar safidagi so‘nggi o‘yinga aylanishi kutilmoqda. U joriy mavsum «Spetsiya» safida A Seriyada 15 o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va assistga mualliflik qilgan.
«Roma» A Seriyada 6-o‘rinni egallab, keyingi mavsum ham Yevropa ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi.