fbpx Betguru » La Liga. «Barselona» Madridda «Real»ni yirik hisobda mag‘lub etib, «El-Klasiko»dagi g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi
Monday, 25 November 2024
← Go to the news

La Liga. «Barselona» Madridda «Real»ni yirik hisobda mag‘lub etib, «El-Klasiko»dagi g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi

Ispaniya La Ligasida nafaqat tur, balki mavsumning eng muhim to‘qnashuvi «El-Klasiko» bo‘lib o‘tdi.

«Santyago Bernabeu»da o‘tgan «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi to‘qnashuv kutilmagan natija bilan yakunlandi. Peshqadam Madrid klubi muxlislari qarshisida Kataloniya jamoasiga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Uchrashuvdan avval mezbonlar safidagi asosiy yo‘qotish Karim Benzemaning jarohatidan tiklanishga ulgurmagani bo‘lsa, mehmonlar safida Fati, Depay singari hujumchilar maydonga tushmasligi aniq edi.

Shunga qaramay, Xavi qishki transfer oynasida «Arsenal»dan tekinga taklif etilgan Per-Emerik Obameyang Madridda katta sahnaga chiqdi. 29-daqiqada Usmon Dembelening uzatmasini gabonlik forvard golga aylantirib, «Bernabeu»ni sukunatga cho‘mdirdi – 1:0.

Oradan 10 daqiqa o‘tmay yana o‘sha Dembelening uzatgan to‘pini bu safar Arauxo bosh bilan Kurtua darvozasiga joylab qo‘ydi – 2:0.

Tanaffusdan keyin ikkinchi bo‘limni Karlo Anchelotti shogirdlari hujumkor boshlashi kutilgandi. Ammo aksincha bo‘ldi – 47-daqiqada Obameyang tomonidan yetkazilgan assistni Ferran Torres golga aylantirib, farqni yiriklashtirdi – 3:0.

To‘rt daqiqa o‘tib esa yana o‘sha Obameyang o‘yin qahramoniga aylandi. Kurtua bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Per-Emerik Kurtuaga imkon qoldirmadi – 4:0.

Shu tariqa, Xavi «Barsa» bosh murabbiyi sifatidagi «Bernabeu»dagi ilk tashrifida yirik hisobda g‘alaba qozonib, Kataloniya klubining «El-Klasiko»dagi 6 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. «Barsa» 54 ochko va bir o‘yin zaxirasi bilan 3-o‘rinda qolgan bo‘lsa, «Real» 66 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda.

La Liga. 29-tur
Real Madrid – Barselona 0:4
Gollar: 0:1 – 29 Obameyang, 0:2 – 38 Arauxo, 0:3 – 47 Ferran Torres, 0:4 – 51 Obameyang.
Real Madrid – Kurtua, Karvaxal (Mariano Dias, 46), Alaba, Militao, Nacho (Vaskes, 63), Modrich, Kroos (Kamavinga, 46), Kazemiro, Valverde, Rodrigo (Asensio, 63), Vinisius Junior.
Barselona – ter Stegen, Arauxo, Pike, Erik Garsiya, Alba (Dani Alves, 86), Buskets, de Yong (Gavi, 71), Pedri (Niko Gonsales, 86), Obameyang (Depay, 71), Dembele (Traore, 80), Ferran Torres.
Ogohlantirishlar: Kroos (22), de Yong (26), Buskets (31), Modrich (63), Alba (74).

image