«Tottenhem» Joze Mourino iste’fosini e’lon qildi
«Tottenhem» klubi jamoa bosh murabbiyi Joze Mourino iste’foga chiqarilganini rasman tasdiqladi.
Klub rasmiy saytining xabar berishicha, Mourino bilan birga uning yordamchilari ham jamoani tark etgan. Portugaliyalik murabbiyning iste’fosiga jamoaning qoniqarsiz natijalari sabab bo‘lgan.
«Tottenhem» so‘nggi 5ta uchrashuvda faqat bitta o‘yinda g‘alaba qozonib, 2 martadan durang va mag‘lubiyatga uchradi. APL yakuniga 6 tur qolganida Mourino shogirdlari 50 ochko bilan turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi. Klub o‘tgan mavsum APLda 6-o‘rinni egallagan bo‘lsa, joriy mavsumda Yevropa ligasi 1/8 finalida «Dinamo» Zagrebga mag‘lubiyatga uchrab, turnirni tark etgandi.
Eslatib o‘tamiz, Mourino 2019 yilning kuzida «Tottenhem» boshqaruvini qo‘lga olgandi. Joze o‘shanda klubni tark etgan Maurisio Pochettinoni o‘rnini egallagan.
Ma’lumot uchun, Mourino «Tottenhem»dan avval, «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Real», «Inter» va «Portu» klublarini boshqargan