Xalqaro futbol federatsiyasi – FIFA mamlakat milliy jamoalarining 12 avgust holatiga ko‘ra yangi reyting jadvalini e’lon qildi. Читать на Рус языке

Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi reytingda 3 pog‘ona yuqorilab, 1284 ochko bilan 83-o‘ringa ko‘tarilgan. Bungacha milliy jamoamiz 86-o‘rinda bo‘lsa, 2020 yilning mart oyidan 2021 yilning mart oyiga qadar 85-pog‘onani egallab turgandi.

FIFA reytingini 1 822 ochko bilan Belgiya boshqarmoqda. Kopa Amerika finalida o‘ynagan Braziliya 2-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Yevro-2020ni nimchorakfinalda yakunlagan Fransiya 3-pog‘onaga tushgan. Yevropa chempionati finalchilari – Angliya (1753) va Italiya (1745) beshlikdan joy olgan. Argentina, Ispaniya, Portugaliya, Meksika va AQSH kuchli o‘nlikdan joy olgan.

Osiyo jamoalari orasida Yaponiya (24-o‘rin) peshqadam bo‘lsa, Eron (26) va Janubiy Koreya (36) uchlikdan joy olgan. Qatar (42), Saudiya Arabistoni (61), BAA (68), Iroq (70), Xitoy (71), Ummon (79), Suriya (80) o‘nlikdan o‘rin olgan, O‘zbekiston qit’ada 11-pog‘onada bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi iyun oyida JCH-2022 saralash bosqichi doirasida Singapur (5:0) va Yamanni mag‘lub (1:0) etgan bo‘lsa-da, Saudiya Arabistoniga yutqazib (0:3), o‘z tarixida ilk marta jahon chempionati 3-saralash bosqichiga chiqa olmagan edi.

0