Portugaliyadagi «Dragau» stadionida o‘tgan Chempionlar ligasi final bahsi yakuniga yetdi. Angliyaning «Manchester Siti» va «Chelsi» klublari o‘rtasida kechgan hal qiluvchi to‘qnashuvda London klubi Manchester jamoasini mag‘lub etdi. Читать на Рус языке 

Final bahsida «aristokratlar» «shaharliklar»dan tajriba bobida nisbatan ustunroq ekanliklarini ko‘rsatishdi. Har qalay ushbu final londonliklar uchun YeCHL tarixidagi uchinchisi, manchesterliklar uchun esa birinchisi edi. Qolaversa, Tomas Tuxel so‘nggi marta bir yil avval final atmosferasini tuygan bo‘lsa, Gvardiola YeCHL finaliga chiqqaniga 10 yil bo‘lgan edi.

Birinchi bo‘limning boshida Timo Verner ikki marta golli vaziyatga ega bo‘ldi, «Siti»da aytarli xavfli vaziyat kuzatilgani yo‘q. Nihoyat, birinchi bo‘limdagi o‘yinning borishini 42-daqiqada Havers tablodagi hisobda aks ettirib qo‘ydi. Mauntning maydon markazidan yetkazgan uzatmasiga ulgurgan Kay Edersonni dog‘da qoldirib, hisobni ochdi – 0:1.

Ikkinchi bo‘limda ham Tuxel shogirdlari o‘yindagi ustunlikni boy berishmadi. Gvardiola Fernandino, Jezus va klubdagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazgan Agueroni maydonga tushirib, vaziyatni o‘nglashga intildi, biroq «Chelsi» o‘yin yakuniga qadar natijani saqlab qoldi.

Natijada, London klubi «Siti»ga qarshi joriy yildagi o‘zaro so‘nggi uchinchi o‘yinida ham raqibidan ustunlik qilib, Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. «Chelsi» 9 yillikdan tanaffusdan keyin YeCHL bosh sovriniga ega chiqdi.

YeCHL. Final. 29 may (shanba)
«Manchester Siti» – «Chelsi» 0:1
Portugaliya, «Dragau» stadioni, 16 500 tomoshabin.
Gol: 0:1 – 42 Haverts.

«Manchester Siti» – Ederson, Stounz, Ruben Diash, Uoker, Zinchenko, Foden, Bernardu Silva (Fernandino, 64), Sterling (Aguero, 77), de Bryuyne (Gabriel Jezus, 60), Marez, Gundo‘g‘an.
«Chelsi» – Mendi, Chiluell, Jeyms, Ryudiger, Aspilikueta, Maunt (Kovachich, 80), Jorjino, Haverts, Kante, Tiago Silva (Kristensen, 39), Verner (Pulishich, 66).
Ogohlantirishlar: Gundo‘g‘an (34), Ryudiger (57), Gabriel Jezus (88).

0