Bugun, 26 may kuni Polshaning Gdansk shahrida Yevropa Ligasi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Roppa-rosa 22 yil oldin YeCHL finalida g‘alaba golini urgan Ole Gunnar Sulsher endi murabbiy sifatida ilk sovrinini yutishi mumkin. Raqib esa anoyi emas. Ayniqsa, ushbu turnir finalida beshinchi marta jamoasini olib tushayotgan Unai Emeri…                    Читать на Рус языке

Odatda Yevropa Ligasi qo‘shimcha yoki yupatuvchi maqomda bo‘ladi, lekin bu safar unday emas. «Manchester Yunayted» uchun ham, «Vilyarreal» uchun ham sovrinni qo‘lga kiritish juda katta voqea sifatida qabul qilinadi. Har ikki klubda ham bu uchun o‘ziga yarasha sabablar bor.

«Manchester Yunayted» Sulsher qo‘l ostida o‘ynay boshlagandan beri yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Birinchi mavsumda APLda 6-o‘rin, keyin 3-o‘rin, ushbu mavsumda esa 2-o‘rin qo‘lga kiritildi. Kubok formatidagi turnirlarda ham «MYU» ilk mavsumda Angliya Kubogi va YeCHLda chorak finallarda to‘xtatilgan bo‘lsa, keyingi yili jamoa uchta turnirda yarim finalgacha yetib bordi. Yarimfinal an’anasi ushbu mavsumda ham davom etdi va jamoa Angliya ligasi kubogining shu bosqichida «Manchester Siti»ga yutqazdi. Nihoyat, beshinchi urinishda Sulsher uchun yarimfinal to‘sig‘i zabt etildi. Finaldagi g‘alaba «Yunayted»ning Ole qo‘l ostidagi ilk sovriniga sabab bo‘ladi va bu jamoaning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini isbotlagandek bo‘ladi go‘yo. Mag‘lubiyat esa, yangi mavsum boshidan o‘ziga yarasha salbiy meros qoldirishi va sovrinlar uchun kurashishda xalaqit berishi mumkin.

Umuman, «Manchester Yunayted» fevraldan buyon, Yevropa Ligasining asosiy favoriti sifatida baholanib kelayotganini ham e’tiborga olsak, inglizlarda bosim biroz kattaroq ekanini ta’kidlash kerak.

«Vilyarreal»da esa, to‘g‘ri, bosim kamroq bo‘lishi, yevrokubok finali ham yaxshigina natija sifatida baholanishi mumkindek, ammo bir qancha sabablar, bu jamoaning ham faqat g‘alaba uchun tushishi kerakligini ko‘rsatadi. Birinchidan, jamoa 98 yillik tarixi mobaynida birorta ham sovrin yuta olmagan. Agar hozir yo‘q bo‘lib ketgan Intertoto kubogini (2003, 2004) hisobga olmasak, albatta. Bugungi final «Vilyarreal» uchun tarixdagi ilk katta finaldir. Ikkinchidan, klub o‘tgan yilgi 5-o‘rindan so‘ng, yozda transfer bozorida juda faol bo‘ldi, tajribali Unai Emeri olib kelindi, Kapu, Koklen, Parexo, Foyt, Ruli, Kubo kabi futbolchilar tarkibga qo‘shildi. Tabiiyki, maqsad kuchli to‘rtlikka kirish, ya’ni Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini olish bo‘lgan. Lekin jamoa La Ligada kerakli o‘rinni qo‘lga kirita olmadi, ammo YeCHLga chiqish imkoniyati saqlanib turibdi. «Yunayted»dan farqli ravishda, ushbu final «Vilyarreal» uchun YeCHLga chiqish o‘yini hamdir. Aks holda, ispanlar yangi tashkil etilgan Konferensiyalar kubogida to‘p suradilar – bu 7-o‘rin uchun mukofot emas, aksincha, keyingi mavsumda oyoqqa kishan bo‘ladigan turnirga o‘xshab turibdi. Va albatta, Unai Emeri faktorini ham unutmaslik kerak. Ushbu murabbiy Yevropa Ligasining «qiroli» sanaladi. U «Sevilya» bilan qatorasiga uch marta ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan. «Arsenal» bilan urinishi esa finalda «Chelsi»dan mag‘lubiyat bilan tugagan.

Taktika

«Vilyarreal» ikki o‘xshash hujumchi va vingerlar bilan standart 4-4-2 sxemasida harakat qiladi. «Yunayted» esa so‘nggi o‘yinlardan kelib chiqsak, dastlabki ko‘rinishda 4-3-3, ammo chap qanotdagi Pogbaning markazga yaqinroq to‘p surishi, Grinvud (yoki Reshford) ba’zi paytlarda ikkinchi hujumchiga aylanishini e’tiborga olsak, ko‘proq 4-2-2-2 ga yaqin. Sulsher Pogba va Fernandeshni bir tarkibga sig‘dirish, shuningdek, Maktomini-Fred tandemini buzmaslik uchun aynan shu sxemani o‘ylab topdi, deyish mumkin.

«Vilyarreal» raqibning tezkor qarshi hujumlarida muammolarga duch kelishi mumkin. Zero, Mario Gaspar 30 yoshda, Raul Albiol 35 yoshda. Bu himoyachilarga qarshi Reshford, Grinvud yoki Bruno kabi futbolchilar katta muammo tug‘dirishi aniq. Shuningdek, ispanlarning markaziy yarim himoyasida ham shu muammo bor – Parexo va Kapuning ikkisi ham 32 yoshda va u qadar tezkor emas.

0