Inglizlar klubi baribir g‘alabaga haqli edi.

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini
«Borussiya» D (Germaniya) — «Manchester Siti» (Angliya) — 1:2 (1:0)
Gollar: Bellingem, 15 (1:0). Mahrez, 55 — penaltidan (1:1). Foden, 75 (1:2).
«Borussiya»: Hits, Hummels, Akanji, Morey (Tigges, 82), Roys, Emre Jan, Rafael Gerreyru, Daud (Azar, 76), Bellingem (Brandt, 81), Holand, Knauff (Reyna, 68).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Zinchenko, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Ernandes, Foden, Mahrez (Sterling, 88), Bernardu Silva.
Ogohlantirish: Bellingem, 39.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
14 aprel. Dortmund. «Signal Iduna Park» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:2.

Manchesterdagi faoliyatining beshinchi mavsumiga kelib Pep Gvardiola nihoyat Chempionlar ligasining chorak final bosqichidan o‘tdi. Jud Bellingem birinchi bo‘lim boshida Ederson qo‘riqlayotgan darvozaning yuqori qismiga joylashtirganida, dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar «Siti» va ispaniyalik mutaxassisning navbatdagi omadsizligi haqida hazilomuz gaplar yozishga shaylangandi.

Ammo bu safar barchasi «Siti» uchun yaxshi yakunlandi. Birinchidan, Gvardiolaning o‘zi ham keraksiz donolik qilib, vaziyatni chigallashtirmadi. So‘nggi mavsumlarda «Siti» har safar shu bosqichda mag‘lub bo‘lgani (masalan, o‘tgan mavsumda «Lion»dan) «aqllilik balosi» sifatida izohlangan. Jamoasi Gvardiolaning ilk mavsumida nimchorak finalda «Monako»ga yutqazgan, keyingi uch mavsumda «Liverpul», «Tottenhem» va «Lion» jamoani chorak finalda qoldirib ketgandi. Pep juda murakkab rejalar tuzar, natijada bundan raqib emas, uning o‘z jamoasi zarar ko‘rardi. Ikkinchidan, referi va VAR har safar «Siti»ning zarariga qaror chiqardi — masalan, 2019 yilda «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda Rahim Sterlingning goli bekor qilingandi.

Emre Janning qo‘li va penalti bo‘yicha bahslar davom etadi. Ammo e’tiborga olish kerakki, qo‘l qanday holatda bo‘lmasin, to‘p qo‘lga tegib yo‘nalishini davom ettirdi — bu penalti. FIFA va UEFA chalkashliklarga barham beruvchi qat’iy izoh berishi kerak.

Qolaversa, Angliyadagi birinchi mavsumdan farqli o‘laroq, hozirgi «Siti» — chinakamiga Gvardiolaning jamoasi, joriy mavsumga kelib jamoa yanada yorqin o‘ynay boshladi. Nemislarga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba golini urgan Fil Foden Germaniyadagi o‘yinda gol urgach, ispaniyalik mutaxassis va uning yordamchilari tomon chopdi — bu ko‘p narsadan darak. Ushbu yosh ingliz futbolchisini Pepning shaxsiy loyihasi deb atash mumkin.

Yana penalti masalasiga qaytadigan bo‘lsak, «Siti» bu penaltisiz ham juda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgandi va g‘alabaga haqli edi. Bu muhim, chunki Gvardiolaning tizimida jarayon ham natija kabi muhim ahamiyatga ega. Pep jamoasi mag‘lub bo‘lgan o‘yinlardan keyin jamoasi maydonda yaxshi o‘ynagani va o‘yindan ko‘ngli to‘lganini aytar va bu kulgi ostiga olinardi. Masalan, o‘tgan mavsumda «MS» Joze Mourino boshqaruvidagi «Tottenhem»ga yutqazganida — 0:2. «Siti» o‘shanda juda ko‘p golli vaziyatlar yaratgan, 11 metrlik jarima zarbasidan gol urilmagan, o‘ttizga yaqin zarba berilgan, bu vaqtda «shporlar» ikki bor zarba berib, ikki gol urishgandi. Ammo Gvardiolaning mantig‘i ham asosli: agar jamoa o‘yini joyida bo‘lsa, natija ham qachondir keladi.

Gvardiolaning yana bir muhim yutug‘i: uning jamoasi Erling Holandni zararsizlantirdi, u ikki o‘yinda ham maydonni golsiz tark etdi. Bungacha norvegiyalik hujumchi Chempionlar ligasida faqat ikki o‘yinda gol ura olmagandi: «Red Bull Zalsburg» safida guruh bosqichi o‘yinida «Liverpul»ga va dortmundliklar safida 1/8 final o‘yinida «PSJ»ga. Holand YeCHLda 16 o‘yinida 20 gol urgan. Fenomenal statistika! «Borussiya» sensatsiyaga yaqin edi, ammo «Man Siti» 20 yoshli forvardni yopib qo‘ydi.

Gvardiola uddalab bo‘lmas topshiriqlardan birini uddaladi, endi navbatdagisi — Maurisio Pochettinoni YeCHLdan chiqarib yuborish. «PSJ»ga qarshi o‘yindan oldin pul to‘la qoplar raqobati haqida kinoya qilib gapira boshlaydi, ammo aslida bu murabbiylar raqobatidir. VAR o‘z yo‘liga, ammo 2019 yilda argentinalik murabbiyning «Tottenhem»i «Siti»ni faqatgina hakamlik qarorlari bilangina yutmagandi

0