37-daqiqada ruminiyalik referilar yana ikki xatoga yo‘l qo‘yishdi – bu xatolar o‘yinning borishiga ham, natijaga ham ta’sir qiluvchi xatolar edi. Bu vaziyatda Gerreyru to‘pni raqib darvozasiga yaqin joylashgan Jud Bellingemning yo‘liga tashlab berdi. Bellingemni Ruben Diash qo‘riqlab bordi, ammo Ederson ham hujumni to‘xtatish uchun oldinga chiqib keldi. Ammo darvozabon to‘pga kechikdi, Bellingem esa to‘pni oldinga tashlab harakatlandi. U bo‘sh darvoza qarshisida qolgandi, hakam esa hushtak chalib o‘yinni to‘xtatdi. Hatsegan dortmundliklar yarimhimoyachisi to‘p uchun kurash vaqtida Edersonga qo‘pollik qildi, deb hisoblagandi. Bu hakamning birinchi xatosi. Ikkinchi xato esa u Bellingem bo‘sh darvoza qarshisida qolganida o‘yinni to‘xtatganida bo‘ldi.

Tasvirlardan ko‘rish mumkinki, havbek tomonidan qoida buzilishi ro‘y bermagan. U to‘pga birinchi yetib borgan, shundan keyin darvozabon uning oyog‘iga tepgan. U yiqilmasdan o‘yinni davom ettirishga qaror qilgan, lekin arbitr unga gol urishga xalal berishga shoshilgan. Agar hujum davom etib, to‘p darvozaga kirganidan keyin hushtak chalinganida, vaziyatga videohakamlar aralashgan va gol hisoblangan bo‘lardi.

Bu vaqtda hisob 1:0 ko‘rinishida edi va hisob tenglashganida, o‘yinning davomi butkul boshqacha bo‘lishi mumkin edi. «Borussiya»da Roysning goligacha ham vaziyatlar bo‘ldi, shu jumladan, Holand yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi.

Shu bilan birga, «Manchester Siti» bu o‘yinda yirikroq hisobida g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Ammo Gvardiola jamoasida bu mavsumni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin bo‘lgan bir omil bo‘y ko‘rsatmoqda — vaziyatlardan foydalana olmaslik. Ikkinchi bo‘limda birgina Fodenning o‘zi ikkita golli vaziyatni ko‘kka sovurdi, o‘yin oxirida g‘alaba golini urgunicha, tvitterda uni hamma masxara qildi. Vaziyatlardan birida angliyalik futbolchi darvozabon maydoni yaqinida turib to‘pni darvozabon Hitsning o‘ziga qarab tepdi, boshqa epizodda jarima maydoni chizig‘i ustidan bergan zarbasi yana to‘g‘ri darvozabonga keldi.

O‘yinning 84-daqiqasida «Borussiya» hisobni tenglashtirdi, o‘yin ssenariysi «Siti»ning oldingi chorak finallari yo‘sinida ketayotgandi. Bunday o‘yin uchun 1:1 hisobi mos emasdi, ammo reallik shu edi. O‘yin yakunida esa Pepning omad zaxiralari butkul ado bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi, Foden baribir gol urdi va «Siti»ga g‘alaba keltirdi. Ammo ikki o‘yindan iborat qarama-qarshilikda uydagi 2:1 hisobi — u qadar qulay hisob emas.

Albatta, «shaharliklar» hamon favoritligicha qolmoqda. Yarim finalga chiqish imkoniyati hamon yuqori, Dortmunddagi o‘yinda ham muxlislar bo‘lmaydi. Ammo javob o‘yini uchun prognozlarda shoshilmaslik kerak: Chempionlar ligasi yarim finali Gvardiolaning «Siti»sini ko‘rishni istamayotgandek

0