Chempionlar ligasi 1/4 finalining birinchi uchrashuvida «Manchester Siti» 90-daqiqada Dortmundning «Borussiya»sidan g‘alabani tortib oldi (2:1).

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Birinchi o‘yin
«Manchester Siti» — «Borussiya» D — 2:1 (1:0)
Gollar: De Bryuyne, 19 (1:0). Roys, 84 (1:1). Foden, 90 (2:1).
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Joau Kanselu, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne, Ernandes, Foden, Mahrez, Bernardu Silva (Gabriel Jezus, 59).
«Borussiya»: Hits, Hummels, Akanji, Morey (Mene, 81), Roys, Emre Jan, Rafael Gerreyru, Daud (Dileyni, 81), Bellingem, Holand, Knauff (Reyna, 63).
Ogohlantirishlar: Emre Jan, 30. Bellingem, 37.
Hakam: Hatsegan (Ruminiya).
6 aprel. Manchester. «Etihad» stadioni.

Pep Gvardiola Manchesterda beshinchi mavsumini o‘tkazmoqda. U «Siti» bilan Angliyada yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutgan, uchinchi marta chempionlik ham yaqin. Lekin barchaga ma’lumki, kataloniyalik murabbiy uchun asosiy motivatsiya — Chempionlar ligasi.

«Manchester Siti»ga qandaydir tavqi la’nat yopishgandek. Bu so‘nggi yillarda sayyoraning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lib turibdi, «shaharliklar» har mavsum Chempionlar ligasida favoritlar qatorida bo‘ladi, ammo jamoa shu vaqtgacha biror marta finalga qadar yetib bormagan. Pepning «Siti»dagi to‘rt yevromavsumi haqida qisqacha:

2016/17 — 1/8 finalda «Monako»ga mag‘lub bo‘lish;

2017/18 — 1/4 finalda «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lish;

2018/19 — 1/4 finalda «Tottenhem»ga mag‘lub bo‘lish;

2019/20 — 1/4 finalda «Lion»ga mag‘lub bo‘lish.

Bu paradoks: zamonaning eng kuchli murabbiylaridan biri saralangan futbolchilar tarkibi bilan ham to‘rt yil ichida biror marta Yevropaning eng kuchli to‘rt jamoasi qatoridan joy ololmagan. Hamisha nimadir to‘siq bo‘lavergan: goh yo‘ldan Mbappe chiqqan, goh Klopp, gohida esa VAR (2019 yil bahorida «Tottenhem»ga qarshi javob o‘yinida qo‘shimcha vaqtda Sterling urgan gol bekor qilingandi). O‘tgan yozda «Siti»ga hech kim qarshilik qila olmaydigandek edi: jamoaga chorak finalda mavsumni juda bo‘sh o‘tkazgan va yakunda yevrokuboklarga yo‘llanma ola bilmagan «Lion» raqiblik qilgandi. Ammo fransuzlar pandemiya tufayli pley-off o‘yinlari qisqartirilgan sharoitda – bir o‘yinda sensatsion ravishda g‘alaba qozonishdi – 3:1. O‘shanda mag‘lubiyat uchun aynan Gvardiolani ayblashdi — go‘yoki u taktika tuzishda futbolchilarning sonini hisobga olmay chalkashib ketgan.

Bu safar ham «Manchester Siti»ga yarim finalga chiqish uchun tashqaridan to‘siq yo‘q. Raqib bo‘lmish «Borussiya» Bundesligada mavsumni yomon o‘tkazmoqda va jamoa bosh murabbiysiz o‘ynamoqda. Tarkibda jarohatlar, kasallar va diskvalifitsiyaga uchraganlar yo‘q. O‘tmishdagi barcha xatolardan xulosa chiqarilgan: yolg‘on «to‘qqizlik» bilan sinalgan sxema qo‘llanmoqda. Ammo yana qiyinchiliklar paydo bo‘ldi.

Nimchorak finalda boshqa «Borussiya» – menxengladbaxliklarni ikki o‘yinda ham osonlik bilan yenggan «Siti» dortmundliklarga qarshi o‘yinda qiynalishi kutilgan hol edi. Inglizlar birinchi bo‘lim boshini nursiz o‘tkazishdi – 18-daqiqaga qadar raqib darvozasi tomon zarba bo‘lmadi. Nemislar esa himoyadan chiqishda qiynalishmadi va tezda maydon markazidan o‘ta boshlashdi. Jamoaning xotirjam o‘yinini Emre Jan buzib qo‘ydi – u maydon markazida turib chap qanotga to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi.

To‘pga ega chiqqan Riyoz Mahrez uni darhol de Bryuynega uzatdi, belgiyalik futbolchi Mahmud Daudni osonlik bilan ortda qoldirib (nemislar futbolchisi raqibni fol bilan to‘xtatib qolishga besamar urindi), oldinga yurdi. Hujum davomida Kevin to‘pni Fodenga uzatdi, u esa qanotda yetib kelgan Mahrezni to‘p bilan ta’minladi, jazoirlik futbolchi darvoza qarshisida zarba berish nuqtasiga chiqib kelgan de Bryuyneni topdi – 1:0.

29-daqiqada Emre Jan yana bir marta jamoasi darvozasiga gol keltirishi mumkin edi – qanotdan uzatib berilgan to‘pni u tovoni bilan qaytarishga urindi, bu holatda u ortida turgan raqib futbolchisiga qaramadi. Pas kutib turgan Rodri esa yiqildi, hakam Ovidiu Hatsegan penalti belgiladi.

0